Yurak yonar, tuyg'ularim mastona, daydi,
Toshayotir, eh, bu qalam nega yozmaydi?
Xalal bermang, sindiraman ikki bukib shart.
Yuragimdan qo'shiq bo'lib uchar shavqu dard.

Shavqlarimni etagidan qolmasa tutib,
O'ylarimning quyunini she'rga berkitib,
Qo'limdagi qurolimdan ko'rmasam qadr,
Yozilmasdan chirib bitsin ko'nglimda satr.

Ishonch bilan ko'ksimni tik ko'targan chog'da
Shu qalamday do'st ham meni qoldirsa dog'da.
Shu fursatdan men degayman unga xayru xo'sh,
Endi oraliq arqonni qo'yib bo'lmas bo'sh.

Tarang tortgum, yo dosh berib menga turgay tan,
Yo uzilib yiqilgaymiz ikkov yuztuban.
Kimga bersam berdim dilning bor ishq, bor o'tin,
O'zimning ham olgim kelar albatta butun.

Istamayman, rizqim mening bo'lmasin yarim,
Porlab yongay yo nogohda so'ngay ko'zlarim.
Yashay bilmam quvonib yo g'am chekib kam-kam,
Hayotim yo jannat bo'lur, yo dud, jahannam.








